TOShKENT, 10 okt — Sputnik. 9 oktabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Malayziya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Iordaniya poytaxti Ammanda kechgan bahsda “oq bo‘rilar” raqibni 5:1 hisobda mag‘lubiyatga uchratdi.
O‘yinning birinchi bo‘limida Dostonbek Hamdamov o‘z dublini nishonlandi. Shuningdek, shu kuni terma safida o‘z debutini o‘tkazgan Husayn Norchayev 33-daqiqaga kelib, hisobni 3:0 ko‘rinishga olib keldi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda malayziyaliklar oradagi farqni bittaga qisqartirishga muvaffaq bo‘lishdi.
Ikkinchi bo‘limda ham Srechko Katanes shogirdlari qator hujumlar uyushtirib, imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Azizbek Omonov o‘z hisoblariga bittadan gol yozdirib qo‘yishdi.
Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi Iordaniyadagi ilk o‘rtoqlik uchrashuvida g‘alaba qozondi. Endilikda terma jamoaning keyingi bahsi 12-oktabr kuni Ammandagi “Amman International Stadium” stadionida mezbon Iordaniyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.