TOShKENT, 2 okt — Sputnik. 1 oktabr kuni Toshkent viloyati, Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi A-373a "Olmaliq-Toshkent" avtomobil yo‘lining 1-kilometrida YPX xodimi A.Karayev tomonidan "KIA CARNIVAL" rusumli avtomobil to‘xtatilgan va tekshiruv davomida transport vositasining yon oynasi ruxsatsiz qoraytirilganligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 126-moddasi tartibida bayonnoma rasmiylashtirilayotgan vaqtda ushbu avtomobil yo‘lovchisi hamda atrofda bo‘lgan yana bir piyoda telefon orqali holatni videotasvirga olgan.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqamasining ma’lumotiga ko‘ra, YPX xodimi ushbu jarayonda yo‘lovchiga tasvirga olmaslikni so‘rab e’tirozlar bildirgan va o‘zaro tortishuvli vaziyat yuzaga kelgan.
Toshkent viloyati IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruv davomida YPX xodimining xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.