O‘zbekistonda ikki fuqarolik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini olgani haqida belgilangan muddatda xabar bermaganligi uchun javobgarlik kiritiladi
Sputnik
TOShKENT, 28 sen - Sputnik. O‘zbekistonda ikki fuqarolik uchun javobgarlik belgilanmoqda, deb xabar berdi Migratsiya agentligi matbuot-xizmati.
Xabarda ta’kidlanishicha, ba’zi xorijiy davlatlarda ikki fuqarolik qonun bilan taqiqlanmagani sababli amaliyotda O‘zbekiston fuqarolari orasida chet mamlakat fuqaroligini qabul qilish holatlari uchramoqda.
O‘zbekiston IIV ikkinchi fuqarolikni olgan shaxslar borasida qo‘shimcha izoh berdi
"Amaldagi qonunlarga asosan, fuqarolarda ushbu fakt yuzasidan davlat organlariga xabar berish majburiyati mavjud emas. Kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va fuqarolarning mas’uliyatini oshirish maqsadida Qonunchilik palatasi yalpi majlisida "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonuni loyihasi ma’qullangan", - deyiladi xabarda.
Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligida bo‘lgan va chet davlat fuqaroligini olgan shaxslarni, chet davlat fuqaroligini qabul qilgan kundan boshlab 30 kalendar kuni ichida xabar berish tartibi joriy qilinadi;
O‘zbekistonda 15-yil muqim yashaganlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik beriladi
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini olgani haqida belgilangan muddatda xabar bermaganligi uchun javobgarlik kiritiladi;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan shaxs tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasporti yoki identifikatsiya ID-kartalaridan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi;
- davlat xizmatchilari yoki hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoki davlat organlarida tashkiliy-boshqaruv yoxud ma’muriy-xo‘jalik funksiyalarni bajaradigan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini olgani haqida belgilangan muddatda xabar bermagani uchun javobgarlik belgilanadi.