TOShKENT, 29 dek — Sputnik. O‘zbekistonda 15-yil davomida muqim yashagan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasi davomida ma’lum qildi.
Prezidetning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili 1995-yilgacha mamlakatga ko‘chib kelganlarga O‘zbekiston fuqaroligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish tartibi belgilandi. Bu bilan 50 ming nafardan ortiq shaxslarga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi.
“Kelgusi yilda bu ishlarni davom ettirib, 2005-yilgacha mamlakatimizga kelib, doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini bersak, nima deysizlar? Bu o‘zgarish bilan yurtimizda yashab kelayotgan yana 20 ming kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, - dedi u.
Davlat rahbari bundan buyon respublikada 15-yil davomida muqim yashagan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinishi qo‘shimcha qildi.