TOShKENT, 22 sen — Sputnik. 2018-yilda Xitoyning Uxan shahrida (u yerda COVID-19ning ilk avj olishi qayd etilgan) olimlar g‘orlarda yashovchi ko‘rshapalaklarga modifikatsiya qilingan koronavirusni yuqtirishni rejalashtirishgan. Bu haqda Telegraph gazetasi tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilgan hujjatlarga asoslanib xabar qildi.
Gazetada yozilishicha, olimlar COVID-19 tarqalishi haqidagi rasmiy xabarlardan kamida 18 oy avval bu loyiha uchun 14 million dollar ajratilishi uchun so‘rovnoma yuborishgan.
Taxminlarga ko‘ra, uxanlik olimlar odamlarga yuqadigan kasalliklardan himoyalanish maqsadida ko‘rshapalaklar yashash joylariga modifikatsiyalangan koronaviruslarini kiritmoqchi bo‘lishgan.
Olimlar ularning terisiga koronaviruslarning "yangi ximera oqsillarini o‘z ichiga olgan nanoparchalarni" kiritmoqchi bo‘lishdi.
Buni Yunnan provinsiyasi g‘orlarida amalga oshirish rejalashtirilgandi. Shuningdek, odamlarga osonroq yuqadigan genetik jihatdan modifikatsiya qilingan ximera viruslarni yaratish ko‘zda tutilgan.
Bu tadqiqot mahalliy aholini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi sababli olimlarga bunday loyihani moliyalashtirish rad etildi.
Hujjatlarga ko‘ra, britaniyalik va amerikalik ekspert Piter Daszak, shuningdek, Uxan virusologiya institutining yetakchi virusologlaridan biri Shi Chjenli bunday tadqiqotda qatnashishi mumkin edi, deb yozilgan gazetada.
Ilgariroq Xitoy Uxan laboratoriyasida COVID-19 paydo bo‘lgani haqidagi nazariyalarni bir necha bor rad etilgan. Shuningdek, Xitoy hukumati koronavirus infeksiyasi epidemiyasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish borasida ochiq va mas’uliyatli pozitsiyani egallaganini bir necha bor ta’kidlagan.
2019 yil 31-dekabrida Xitoy hukumati BSSTga Xubey viloyatining Uxan shahrida noma’lum pnevmoniya avj olgani to‘g‘risida xabar berdi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi COVID-19 deya nom berilgan yangi turdagi koronavirus edi. 11-mart kuni BSST koronavirus infeksiyasi tarqalishini pandemiya deb e’lon qildi.
Mart oyida BSST koronavirusning kelib chiqishini aniqlash uchun xalqaro ekspertlar guruhi Uxanga tashrifidan so‘ng tayyorlangan hisobotini e’lon qildi, unda virus laboratoriyadan sirqib chiqib ketishi versiyasini "ehtimoldan juda uzoq" deb atashdi. Hisobotda aytilishicha, koronavirusning yangi turi odamlarga ko‘rshapalaklardan boshqa hayvon orqali yuqtirilgan.