TOShKENT, 21 sen – Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati qator hududlarda poraxo‘rlik va firibgarlikning oldi olingani haqida xabar qildi.
Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining prokurori ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanuvchi korxona xodimlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida qurilish firmasi rahbaridan 2000 dollar talab qilgan.
Buning evaziga prokuror tadbirkorga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llamaslik va mazkur firmada aniqlangan kamomad miqdorini kamaytirib ko‘rsatishni va’da qilgan. U 1200 dollar avans tariqasida olgan.
Keyin tuman prokurori xizmat xonasida qolgan 800 dollarni olayotgan paytda qo‘lga olingan.
DXX xabariga ko‘ra, Samarqand viloyatida tuman prokurori o‘rinbosarlaridan biri mahalliy fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan sud tomonidan tayinlangan 3-yil ozodlikni cheklash jazosini boshqa og‘irroq jazo turiga o‘zgartirish uchun protest kiritgan. Keyin sudning apellyatsiya bosqichida hukmni o‘z kuchida qoldirish evaziga 10 ming dollar talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda prokuror o‘rinbosarining topshirig‘i bilan uning vositachisi so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi. Prokuror o‘rinbosarining aloqadorligi vositachisi bergan ko‘rsatma asosida o‘tkazilgan tadbirda ashyoviy dalillar bilan isbotlangan.
Namangan viloyatida tuman Majburiy ijro bo‘limi rahbari fuqaroning Qirg‘iziston universitetidagi o‘qishini Andijon tibbiyot universitetiga vazirlikdagi tanishlari orqali ko‘chirib berish uchun 700 dollar talab qilgan va 300 dollar va 1,05 mln so‘mni oladi. U pulning qolgan qismini olgan vaqtida ushlangan.
Buxoro viloyatidagi “Qorako‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining katta inspektori xorijiy tadbirkorning Turkmaniston hududidan keladigan yuk vagonlarini bojxona to‘lovlarini kam to‘laydigan deb ko‘rsatish va kunli omborxona to‘lovlari to‘lanmaydigan holda deklaratsiya rasmiylashtirib berish evaziga undan 800 dollar talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda bojxonachi qolgan puldan 400 dollarni olgan vaqtda ushlangan.
Mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish ochilgan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.