Mirziyoyev Dushanbeda Rahmon bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

Prezidentlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 16 sen – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahriga kelgach, tojikistonlik hamkasbi Emomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki mamlakat prezidentlari Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashishgan.
Bundan tashqari, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturini amalga oshirish maqsadida faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev Dushanbega yetib bordi
Mirziyoyev Tojikistonning ShHTdagi sermahsul raisligi davrida erishilgan natijalarni yuksak baholadi va bo‘lajak sammit tadbirlari muvaffaqiyatli o‘tkazilishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, 16-17 sentabr kunlari Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi. Sammit yakunida Dushanbe deklaratsiyasining qabul qilinishi, davlatlar rahbarlarining qarorlari va Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir boshqa ko‘p tomonlama hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. ShHTga raislik O‘zbekistonga o‘tishi sammitning muhim voqeasi bo‘ladi.