TOShKENT, 13 sen - Sputnik. 100 nafar fuqaro yuk avtomobillarini ishlab chiqarish korxonasiga ishlash uchun jo‘nab ketdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.
"Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Rossiya Federatsiyasining “Kamaz” ochiq aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvi asosida o‘tkazilgan tanlov jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, tibbiy ko‘rik natijalari ijobiy chiqqan 100 nafar fuqarolarimiz yuk avtomobillarini ishlab chiqarish korxonasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda jo‘natildi", - deyiladi agentlik xabarida.
Namangan xalqaro aeroporti orqali vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolar bilan targ‘ibot ishlari olib borilib, sohaga oid buklet, tarqatma materiallar berilgan.
Ma’lumot uchun, ish beruvchi tomonidan fuqarolarga avia chipta, yotoqxona xarajatlari qoplab beriladi va Rossiya hududida ishlash xuquqini beruvchi hujjat rasmiylashtirish, oziq-ovqat to‘lovlari ish xaqidan qisman ushlash sharti bilan amalga oshiriladi.