TOShKENT, 13 sen – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-17 sentabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida o‘tkaziladigan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 13-sentabr kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
O‘tgan yili ShHT sammiti pandemiya tufayli onlayn formatda o‘tkazilgan, joriy yilda davlat rahbarlari bevosita - offlayn formatda uchrashadilar.
"Sammitning birinchi kuni, 16-sentabrda, davlatimiz rahbari tashkilotga raislik qilayotgan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan, 17-sentabr kuni esa Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadilar", - deb ma’lum qildi Asadov.
Shuningdek, 17-sentabr kuni esa davlat rahbarlarining bevosita yig‘ilishi o‘tkaziladi, yig‘ilish yakunida ShHTga raislik Tojikistondan O‘zbekistonga o‘tadi, deb qo‘shimcha qildi prezident matbuot-kotibi.
Asadovning ta’kidiga ko‘ra, ko‘plab xorijiy ekspertlar "Mirziyoyev tomonidan keyingi besh yilda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar hisobga olinsa, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi xavfsizlik va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli mintaqaviy xavf-xatarlarning oldini olish nuqtayi-nazaridan alohida ahamiyatga ega bo‘ladi, mamlakatning (ShHTga - tahr.) raisligi juda samarali bo‘ladi, tashkilot faoliyatini yanada jonlantiradi", deya qat’iy ishonch bildirishmoqda.