TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishining O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasining tug‘uruqxona bo‘limi akusher-ginekologining sochidan tortib sudragani aks etgan lavha ortidan Farg‘ona viloyati IIB munosabat bildirdi.
O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limida kelini M.S. dunyoga keltirgan o‘g‘il chaqaloqning 27-avgust kuni vafot etganligidan xabar topgan qaynota S.S. tug‘uruq bo‘limida ishlovchi akusher-ginekolog Yu.A.ning sochidan tortib, urib-do‘pposlab, xodimga tan jarohati yetkazgan.
Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, S.S.ga nisbatan O‘zbekiston tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, fuqaro S.S. muqaddam ichki ishlar organlarida xizmat qilib, surunkali ravishda xizmat intizomini buzib, ichki ishlar organlari xodimlariga nomunosib xatti-harakatlar sodir etganligi uchun, salbiy sabablarga ko‘ra, 2002-yilda ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.
Jinoyat ishining tergovi Farg‘ona viloyati prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan nazoratga olingan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.
"2021 yilning 25-avgust kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Nursuh qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro M.S. tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limiga "homiladorlik 2, tug‘ruq 2, homiladorlikning 39 haftasi. Tug‘ruqning birinchi davri" tashxisi bilan qabul qilinib, 26-avgust kuni soat 16:00larda tirik, jinsi o‘g‘il, 3200 gramm vaznli, ammo og‘ir ahvoldagi chaqaloqni dunyoga keltirgan.
Tug‘ruqni akusher-ginekolog Yu.A. va shifokor-neonatolog H.N qabul qilgan. Dastlabki tibbiy tekshiruvlar natijasida bolada ona qornidalik davrida embrional rivojlanish va homila organlarining paydo bo‘lishi buzilgani va nuqsonli rivojlangani aniqlangan. Natijada go‘dak to‘liq rivojlanmagan organlar bilan tug‘ilgan. Qolaversa, chaqaloqda tug‘ma nuqsonlar kuzatilib, bolaning o‘pkasi 70 foizga rivojlanmagan.
Shu bois, chaqaloq zudlik bilan intensiv terapiya xonasiga o‘tkazilib, unga zarur reanimatsion yordam ko‘rsatilgan. Biroq bolaning o‘pkasi o‘z faoliyatini bajarmaganligi sababli unda og‘ir asfiksiya holati kuzatilgan.
Afsuski, tibbiyot xodimlari tomonidan olib borilgan kerakli reanimatsion chora-tadbirlarga qaramasdan go‘dak 2021-yilning 27-avgust kuni soat chamasi 12:20da "O‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi" tashxisidan vafot etgan. Shundan so‘ng chaqaloq murdasi va tibbiy hujjatlar patalogoanatomik tekshiruvga yuborilgan.
Shifokor-neonatolog H.N chaqaloq vafot etganligi sababli shu kuni soat chamasi 12:30larda go‘dakning buvasi, fuqaro S.S.ni chaqirib, unga vaziyatni tushuntirishga harakat qilgan. Biroq S.S. muassasa tug‘ruq bo‘limining vrachlar xonasida tug‘ruq tarixlarini yozib o‘tirgan va tug‘ruqni olib borgan akusher-ginekolog Yu.A.ning oldiga borib, sababsiz uning sochidan tortib, tashqariga sudrab olib chiqib, jiddiy tan jarohati yetkazgan.
Eng achinarlisi, dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, ushbu zo‘ravonlik harakatini sodir etgan shaxs, ya’ni 1971-yilda tug‘ilgan fuqaro S.S. o‘z vaqtida ichki ishlar organlari tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan.
Tibbiy tekshiruv davomida jabrlangan shifokor Yu.A.ga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda shifokor tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam markazi jarrohlik bo‘limida davo muolajalarini olmoqda", deyilgan SSV matbuot xizmati xabarida.