TOShKENT, 17 avg – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida korrupsiya masalasiga to‘xtaldi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatda taraqqiyot kushandasi bo‘lgan illat – korrupsiyaga qarshi izchil kurash olib borilmoqda.
“Misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2020-yilda turli darajadagi mansabdorlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun 1723 shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular tomonidan yetkazilgan zarar 500 milliard so‘mni tashkil etgan. 2021-yilning besh oyida esa 1696 nafar mansabdorga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Yetkazilgan zarar 450 milliard so‘mni tashkil etmoqda”, - dedi u.
Mirziyoyev bu moddiy zararlar aybdorlardan hech shubhasiz undirib olinishini qo‘shimcha qildi.
“Korrupsiya balosini jamiyatimiz hayotidan yo‘q qilishga qaratilgan siyosat kelgusida ham qat’iy davom ettiriladi”, - dedi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda korrupsiya holatlari haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga xabar qilish imkonini beruvchi eanticor.uz maxsus dasturiy ta’minot ishga tushirilgan edi.