Toshkent viloyatida bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlangani aytilmoqda - tafsilotlar

Ijtimoiy tarmoqlarda "Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida 150 nafar bola ovqatdan zaxarlanibdi, 1 nafar vafot etibdi" deyilgan ma’lumotlar tarqalmoqda. MTV bunga rasmiy munosabat e’lon qildi
Sputnik
TOShKENT, 13 avg - Sputnik. Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilar zaharlanganligi aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida 150 nafar bola ovqatdan zaxarlangani, 1 nafari vafot etgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati ushbu xabarlarni "asossiz", deb baholab, quyidagilarni ma’lum qildi.
Xitoyda bolalarni zaharlagan bog‘cha tarbiyachisi o‘limga hukm qilindi
Ma’lum bo‘lishicha, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Oqqo‘rg‘on tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotining 25 nafar tarbiyalanuvchilarining kasallanish holatini o‘rganib chiqqan.
2 avgustdan 11-avgustgacha intoksikatsiya sindromining klinik ko‘rinishlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent Pediatriya Tibbiyot Instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo‘rg‘on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joyalashtirildi.
12 avgust holatiga ko‘ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda, shundan 1 nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun’iy nafas berish moslamasiga ulangan bo‘lib, holati o‘ta og‘ir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchilarning holati o‘rtacha og‘ir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv o‘tkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan.
Namanganda maxsus bog‘chada issiq suvdan kuygan olti yoshli bola vafot etdi
Epidemiologiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga uslubiy yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar va epidemiologlar guruhi yuborilgan.
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium o‘tkazilib kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik ko‘rinishlariga ko‘ra "Botulizm" tashxisiga gumon qilingan.
Yakuniy tashxis epidemiologik tekshiruv natijalari hamda bakteriologik tadqiqot ma’lumotlariga asoslanib qo‘yiladi. Davolanish davomida 21nafar tarbiyalanuvchilarning salomatligi holatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Malum qilinishicha, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 5 guruhga mo‘ljallangan. Maktabgacha ta’lim tashkilotida 136 nafar tarbiyalanuvchilar ro‘yxatga olingan bo‘lib, maktabgacha ta’lim tashkilotida markazlashtirilgan suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi, alohida mahalliy isitish tizimi, tabiiy gaz o‘rnatilgan.
Kasallikka chalinmagan mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari har kuni tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib nazoratga olinmoqda.
Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy profilda keltirilgan xabarga ko‘ra ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotida 1 nafar tarbiyalanuvchining oziq-ovqat zaharlanishidan vafot etganligi keltirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tarbiyalanuvchi Baxtiyorova Marjona Doniyor qizi 2021-yil 2-avgustgdan 7-avgustga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filiali shifokorlari tomonidan “Shifoxonadan tashqari ikki tomonlama o‘choqli pnevmoniya. Asoratlari: Yurak qon-tomir yetishmovchiligi. Miya shishi.” tashxisi qo‘yilib davolash ishlari olib borilgan, shifokorlarning harakatlariga qaramay pnevmoniya kasalligi asoratlariga ko‘ra yurak qon-tomir yetishmovchiligi tufayli 7-avgust kuni biologik o‘lim qayd etilgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanganligi holati yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilganini ma’lum qilgan.