TOShKENT, 5 avg — Sputnik. Rossiyaning Samara viloyatida majburiy mehnatga jalb qilingan bir guruh o‘zbekistonliklarning muammosi hal qilindi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning may oyida og‘zaki kelishuv asosida 6 nafar O‘zbekiston fuqarolari Samara viloyatidagi issiqxonada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan.
Ish beruvchi ularning pasportlarini olib, patent rasmiylashtirgan. Ammo hujjatlarini qaytarib bermagan. Shuningdek, oldindan kelishilgan har oy uchun 40 ming rubl ish haqlarining 3 oyligi berilmagan.
Fuqarolar Agentligining Samara viloyatidagi vakolatxonasiga videomurojaat orqali pasportlarini olib berib, majburiy mehnatdan ozod qilishlarini so‘ragan.
Vakolatxona xodimlari Samara viloyati Kinel shahri ichki ishlar boshqarmasiga o‘zbekistonliklarni majburiy mehnatdan ozod qilishda yordam so‘rab, ariza yozgan.
Natijada muammo o‘rganilgan va qisqa muddatda ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda ularning ish joylariga borib, muammolari hal etilgan.