Namanganda shifokor do‘pposlanishi yuzasidan jinoiy ish ochildi

Namanganda issig‘i ko‘tarilganidan shikoyat qilib kelgan aka-ukadan koronavirusga chalinmaganini bilmoqchi bo‘lgan shifokor ayovsiz kaltaklandi.
Sputnik
TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikada fuqaro shifokorni do‘pposlayotganligi aks etgan video tarqaldi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Voqea yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi ham munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, vazirlik mazkur holat yuzasidan o‘rganishlar olib bormoqda. Ushbu tajovuz nima sababdan yuz bergani aniqlashtirilib, jarayonga huquqiy baho berish maqsadida tegishli organlar tomonidan aybdorlarga nisbatan keskin jazo choralari ko‘rilishi ta’minlanadi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatimizdagi har bir tibbiyot xodimi, jumladan, Namangan shahridagi tajovuzda jabrlangan tibbiyot xodimining manfaatlarini ham qat’iy himoya qilish uchun qonunda belgilangan barcha choralarni ishga soladi” – deyilgan xabarda.
“Daryo” nashrining aniqlik kiritishicha, shifokor issig‘i ko‘tarilganidan shikoyat qilib kelgan aka-ukadan tomonidan COVID-19 ga chalinmaganini bilmoqchi bo‘lgani uchun ayovsiz do‘pposlangan.
Shifokorga olgan tan jarohati bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan bo‘lib, 2021-yil 4-avgust kungi xulosaga ko‘ra shifokorga sog‘lig‘ini buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati yetkazilgani aniqlangan.
Toshkentda qabulga kelgan mast bemor shifokor ayolni do‘pposladi