TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda:
- tijorat banklari ta’lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi;
- ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7-yil davomida qaytariladi;
- ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlaridan ta’lim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.
Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil etildi.
Jamg‘armaga 2021-yilda kamida 1 trillion so‘m, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablag‘lar ajratiladi.