TOShKENT, 22-iyul - Sputnik. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti barchaga - hatto, kovidga chalinganlar hamda infeksiyani yuqtirmaganlarga ham koronavirusga qarshi emlanishni tavsiya etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Botir Qurbonov Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda koronavirusga chalinganlar ham vaksina olishlari kerakligini tasdiqladi.
"Bugun aksariyat rivojlangan mamlakatlarda ommaviy emlash jarayonidan so‘ng vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarganini guvohi bo‘lib turibmiz. Masalan, Isroil davlatida aholining 80%i ommaviy emlangach, noxush epidemik vaziyat qisqa muddat ichida bartaraf etildi va u qulay tus oldi", - deya tushuntiradi Qurbonov.
Epidemiologning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasida ishlatilayotgan 3ta vaksinadan kasallik aktiv kechayotgan vaqtdagina foydalanish mumkin emas.
Bundan tashqari, autoimmun kasalligi bor bemorlarda va surunkali bemorlarning kasallik avj olgan yoki xuruj qilgan vaqtlarida ham vaksina qo‘llash man etiladi.
"Ammo kasallikni boshdan kechirganlar, "antitanachalarim shakllangan-ku" degan o‘yda, vaksina olish-olmaslik borasida ikkilanishadi. Shuni qayd etish kerakki, kasallikdan keyin shakllanadigan immunitet - antitanachalar darajasi - har bir odamda individual shakllanadi. Bu kasallikni qay darajada o‘tkazganiga bog‘liq. Ba’zi birovlar kasallikni og‘ir darajada o‘tkazadi va immun tizimida nuqsonlar yoki bo‘lmasa surunkali nuqsonari yo‘q bemorlarda antitanachalar yetarli darajada shakllanadi. Ammo biz kasal bo‘lib tuzalgan odamlarga emlanishni tavsiya etamiz. Chunki kasal bo‘lib tuzalganlar emlansa, ularning organizmida uzoq muddatga yetadigan immunitet shakllanadi", - deydi Qurbonov.
Epidemiologning aytishicha, epidemiya vaqtida virusga, shu jumladan, yangi shtammlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida ommaviy emlanish tavsiya etiladi.
"O‘zbekiston hududida ishlatilayotgan vaksinalarning oqsili koronavirus infeksiyasining oqsiliga nisbatan ishlaydigan qilib yaratilgan. Ya’ni mutatsiyaga uchrashidan qat’iy nazar barcha turdagi koronavirus infeksiyalariga ishlaydigan tizimda yaratilgan", - deya o‘z fikrini yakunladi epidemiolog.