Shulardan biri – Afg‘oniston tarqalib ketishi, uning o‘rnida o‘zbeklar, tojiklar va pushtunlarga tegishli bo‘lgan uchta mustaqil davlat paydo bo‘lishi yoki ushbu hududlarning qo‘shni davlatlarga qo‘shilib ketishi haqidagi qarashlar ham bo‘lgan. Biroq, hayot ko‘rsataptiki, siyosiy bashoratlar o‘zini oqlamaydi. Ayniqsa, sharqda.
Qaysiki, davlatchilik masalasida ko‘proq tizimlar, qonun-qoidalar emas, balki urf-odatlar, shaxslarning o‘rni dolzarb sanaladi. Afg‘oniston bo‘lib o‘tgan 40-yillik talato‘plarga qaramay, mustaqilligini, yaxlitligini saqlab qoldi.
Albatta, behalovat davr va noma’lum kelajak nafaqat afg‘on halqini, nafaqat uning qo‘shnilarini, balki jahon hamjamiyatini hamon bezovta qilmoqda.
Yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro konferensiyada ham asosiy e’tibor Afg‘onistonga qaratildi.
Tarixdan ko‘ramizki, Markaziy Osiyoda taraqqiyot Buyuk ipak yo‘li bilan bevosita bog‘liq. Ya’ni quruqlikdan o‘tgan va Osiyoni Yevropa bilan bog‘lagan yo‘l mintaqada rivojlanish, taraqqiyotga olib kelgan edi. Suv yo‘llarining ochilishi, kemasozlikning rivojlanishi oqibatida esa Buyuk ipak yo‘li, shu bilan bir vaqtda mintaqadagi taraqqiyot ham tanazzulga yuz tuta boshladi. O‘zbekistonda tarixning ushbu sabog‘ini yaxshi eslashadi va ko‘p yillardan buyon tarixning ushbu xatosini to‘g‘rilash ilinjida bo‘lishadi.
Aytish lozim, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki 27-yili davomida, barcha qo‘shnilar bilan, yumshoqroq aytganda, apoq-chapoq bo‘lib ketmagan esa-da, Afg‘oniston orqali Pokiston va dengizga chiqish g‘oyasidan hech qachon voz kechmagan edi.
Bugun, O‘zbekiston ochiqlik siyosatini namoyon etib, barcha qo‘shnilar bilan ochiq , konstruktiv muloqot olib borayotganda janubiy yo‘nalish yanada dolzarb bo‘lib qoldi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti yuqorida qayd etilgan konferensiyadagi nutqida ilgari surgan 10 ta taklifning barchasi ham qaysidir ma’noda, Afg‘oniston va undagi barqarorlikka bevosita tegishli bo‘ladi.
Ushbu takliflar haqida so‘z borar ekan, ularni O‘zbekiston keyingi besh yil davomida o‘z amaliyotida sinovdan o‘tkazganini ta’kidlash lozim. Ya’ni, ular O‘zbekistonning ichki siyosatida amalga oshirayotgan g‘oyalar va qarashlardan iborat.
Bu savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘ladimi, transport-logistika infratuzilmasini yaratish bo‘ladimi, raqamlashtirishmi, ilm-fanning rivojlantirishmi, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishmi, oziq-ovqat xavfsizligimi, turizmni rivojlantirishmi, "Yashil" iqtisodiyotmi – barchasi bugun O‘zbekistoning kundalik hayotiga aylanib ulgurgan g‘oyalar.
O‘zbekiston, keyingi besh yil ichida mintaqada tinchlikni, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish borasida eng ko‘p qayg‘urayotgan va bunga harakat qilayotgan mamlakat.
Ko‘rinadiki, taklif etilayotgan g‘oyalar ham bevosita ushbu qarashlarning in’ikosi. Markaziy va Janubiy Osiyoning qoq markazida joylashgan Afg‘oniston muammosini hal qilmay turib, ularni amalga oshirish juda mushkul bo‘lar edi.
Shu sababdan, O‘zbekiston janubiy qo‘shnisining barqarorligi yo‘lida, anchayin ehtiyotkorlik bilan, muttasil va qat’iy harakat qilib kelmoqda. Aynan O‘zbekiston mintaqada birinchilardan bo‘lib o‘z siyosatini qo‘shnilar bilan g‘oyaviy, mafkuraviy maqsadga muvofiqlik nuqtayi nazaridan emas, balki iqtisodiy, ijtimoiy o‘zaro manfaatdorlik asoslarida hamkorlik tomonga yo‘naltirdi.
Aytishlaricha, hali o‘tgan asrning 90-yillaridayoq O‘zbekiston "Tolibon"* bilan muzokaralar o‘tkazishga harakat qilib ko‘rgan.
Mamlakat o‘zining geosiyosiy joylashuviga ko‘ra, hammadan ko‘ra ko‘proq Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi tarafdori. Shu maqsadda, nazarimizda, u qo‘shni davlatda hokimiyat tepasiga qanday kuchlar kelishidan qat’iy nazar, hamkorlik qilishga tayyor.
Albatta, toliblar ham bugun o‘tgan asrdagi toliblar emas, ularning keyingi harakatlarida, agar bu vaqtinchalik taktika bo‘lib chiqmasa, qo‘shnilarning manfaatlariga tajovuzkorlik ohanglari sezilmayapti. Ularning so‘zlarida tobora ko‘proq mamlakat va millat manfaatlari haqidagi qarashlar jaranglamoqda.
O‘zbekiston janubiy qo‘shnisining ichki muammolariga aralashish tarafdori emas, buni jafokash afg‘on xalqining o‘ziga qo‘yib berish va u qanday hukumatni qo‘lab-quvvatlasa, shu bilan hamkorolik qilish tarafdori.
Hamkorlik rejalari esa ulkan: mamlakatni Markaziy Osiyo elektr tarmoqlari tizimiga ulash, Termiz-Mozori Sharif-Qobul-Peshavor temir yo‘lini qurish.
Shuningdek, madaniy, ijtimoiy sohalarda ham muloqotlar, hamkorlik rejalashtirilgan. Buning uchun esa poydevor qo‘yilgan ham: Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi tashkil etilgan.
Markazda o‘zbek tili va adabiyoti, transport tuzilmalari va ularning ekspluatatsiyasi, elektr energetikasi, bino va inshootlar qurilishi, muhandislik kommunikatsiyalari qurilishi va montaji, xizmat ko‘rsatish texnikasi va texnologiyasi, iqtisodiyot, menejment, informatika va axborot texnologiyalari, buxgalteriya hisobi va audit hamda tibbiyot yo‘nalishlarida 200 nafarga yaqin talabalar tahsil olmoqda.
Bu yoshlar kelajakda O‘zbekiston va Afg‘oniston do‘stligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu kunlarda yana bir xabar keldi – afg‘on hukumati "Tolibon"* bilan sulh masalasida kelisha olishmadi, biroq infrastrukturaga zarar yetkazmaslik va tinch aholiga azob bermaslikka kelishib olindi. Shuning o‘zi ham katta gap.
Hatto urush ham jaholat bilan olib borilmasligi kerak.
* RFda ta’qiqlangan xalqaro terroristik tashkilot.