TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va turkmanistonlik hamkasbi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Mirziyoyev suhbat avvalida Turkmaniston prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Suhbatda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar joriy yilda Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini tashkil etish masalalariga alohida to‘xtaldi. Bo‘lajak ko‘p tomonlama tadbir dasturini puxta tayyorlashga kelishib olindi.
Mirziyoyev va Berdimuhamedov xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashib, Afg‘onistondagi, jumladan, ushbu mamlakat shimoliy chegaraoldi hududlaridagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini muhokama qilishdi.