TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm viloyati filialida buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liq saqlash vazirligi xabar qildi.
Murakkab amaliyot ilmiy markazining malakali mutaxassislari va mahalliy shifokorlar hamkorligida amalga oshirildi.
Tibbiyot fanlari doktori Farhod Hojiboyev rahbarlik qilgan amaliyot jarayonlari qariyib besh soat davom etdi. Bog‘ot tumanilik 33 yashar Yulduz Ro‘zmetova o‘z turmush o‘rtog‘i 36 yashar Mardon Polvonovga bir buyragini berdi. Hozirda ularning ahvoli yaxshi.
Markaz bosh direktori Davron To‘laganovning so‘zlariga ko‘ra, markaz tomonidan qisqa vaqt ichida 137-marta o‘tkazilayotgan bunday noyob amaliyot ilk bor viloyatda bajarilishi tarixiy ahamiyatga ega.
“Maqsadimiz chekka hududlar aholisini ortiqcha ovoragarchiliklarsiz yashash joyini o‘zida malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir”, - deydi To‘laganov.
O‘z buyragini bergan ayolning ma’lum qilishicha, turmush o‘rtog‘i bir yildan buyon gemodializ muolajasi olib keladi. Tuman viloyat markaziga uzoqligi ancha noqulaylik tug‘dirardi.
“Hatto xorijga borib davolatishga ham rozi edik. Dunyoda falon pul turadigan amaliyot viloyatimizning o‘zida bepul amalga oshirilganidan xursandmiz”, — deydi Yulduz.
Bog‘ot tumanilik 33 yashar Yulduz Ro‘zmetova o‘z turmush o‘rtog‘i 36 yashar Mardon Polvonovga bir buyragini berdi.
© SSV matbuot xizmati
Mazkur filialda ikkinchi noyob amaliyotga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.