TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi 18-iyundan Toshkent va Dehli o‘rtasidagi aviaqatnovlarni bekor qiladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.
Bu qarorni koronavirusga qarshi kurashish respublika maxsus komissiyasi Hindistondagi epidemiologik vaziyat sabab qabul qilgan.
“18 iyundan boshlab “Uzbekistan Airways” AJ haftaning juma kunlari amalga oshiriladigan Toshkent–Dehli–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni bekor qiladi”, - deyilgan xabarda.
Yo‘lovchilarga aviachipta pullari qaytarib beriladi.
Hindistonda pandemiya boshlangandan buyon koronavirus yuqtirib olganlar soni 29,5 milliondan oshgan. Shulardan 28,1 millioni sog‘aygan. 374 mingdan ziyod kishi virus qurboniga aylangan.
Shuningdek, mamlakatda koronavirusni boshdan kechirganlarda mog‘or kasalligi aniqlanmoqda. “Qora”, “oq” va “sariq” mog‘orga “yashili” ham qo‘shilgan.