Moskva va Podmoskovyeda kovidga qarshi emlanganlar o‘rtasida avtomobil va uy o‘ynaladi

Moskva hukumati koronavirusga qarshi emlanganlarni rag‘batlantirish maqsadida yangi aksiyani boshlab yubordi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Moskvada COVID-19 ga qarshi emlanganlar o‘rtasida avtomobillar o‘ynaladi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobanin ma’lum qildi.
Yutuqli dasturda 18 yoshdan kattalar qatnashishi mumkin. Ular COVID-19 ga vaksinaning birinchi komponentini olgan bo‘lishlari kerak. Birinchi bosqich 14-iyundan 11-iyulga qadar bo‘lib o‘tadi.
Har hafta narxi taxminan bir million rubl bo‘lgan beshta mashina o‘ynaladi. Qaysi rusumli mashinalar ekanligi ochiqlanmagan.
Kecha Moskvada pandemiya boshlangandan buyon eng yuqori kasallanish ko‘rsatgichlaridan biri qayd etildi – bir kunda 7704 kishida kovid aniqlandi. Shu bois shaharda qator cheklovlar kiritildi, xususan, umumiy ovqatlanish muassasalari faoliyati cheklandi, ish beruvchilarga xodimlarining kamida 30 foizini masofaviy ish shakliga o‘tkazish tavsiya qilindi. Bundan tashqari, hukumat umumshahar bitiruv kechasini bekor qildi.
Rossiyada COVID-19 bilan kasallanish keskin ko‘paymoqda
Podmoskovyeda ham koronavirusga qarshi emlanganlar o‘rtasida aksiya boshlanadi. Vaksinaning birinchi komponentini olganlar xonadonli bo‘lishlari mumkin.
Buning uchun Moskva viloyati Sog‘liqni saqlash vazirligining emlash punktlarida 2021-yil 15-iyundan 25-iyunga qadar emlangan bo‘lish kerak.
Yutuqli dasturda 18 yoshdan katta bo‘lgan har bir Rossiya fuqarosi ishtirok etishi mumkin.
Qayd etish joizki, Moskva shahrida 27-apreldan koronavirusga qarshi emlangan 60 yoshdan yuqori bo‘lganlar uchun “Millionta tuhfa” rag‘batlantirish dasturi boshlangan. Koronavirusga qarshi emlangan keksa moskvaliklar qiymati 1000 rublga teng tuhfa kartasi yoki promokod olishlari mumkin.