TOShKENT, 7-iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Tojikiston bilan hamkorlikda bironta sohada cheklovlar qo‘ymaganmiz, dedi jurnalistlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti matbuot-kotibi Sherzod Asadov.
Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi 10-11 iyun kunlari amalga oshadi va O‘zbekiston ushbu tashrifdan ko‘p natijalarni kutmoqda.
"Tojikiston bilan tumanlararo hamkorlik orqali o‘zaro aloqalarning mutlaqo yangi bosqichiga chiqmoqdamiz va, umid qilamizki, bu yangi amaliyot samarali bo‘ladi hamda yaqin kelajakda o‘z natijalarini berishni boshlaydi. Umuman olganda, ushbu tashrifdan ko‘p natijalarni kutmoqdamiz, salmoqli hujjatlar to‘plami tayyorlangan va ular o‘zaro savdo aloqalarimiz yanada rivoj topishiga zamin yaratadi", - deya qayd etdi prezident matbuot-kotibi.
Asadovning so‘zlariga ko‘ra, asosiy muzokaralar tashrifning birinchi kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi.
Tashrifning ikkinchi kunida Xo‘jand shahrida qator tadbirlar rejalashtirilgan.
Avvalroq Dushanbe shahrida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan oliy darajadagi tashrif chog‘ida imzolanishi rejalashtirilgan ikki tomonlama hujjatlar va hukumatlararo bitimlarni ishlab chiqishning borishini muhokama qilgan edi.
O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tovar ayriboshlashni bir milliard dollarga chiqarishni maqsad qilganlar. O‘tgan yil pandemiya sharoiti va buning oqibatida yuzaga kelgan ma’lum qiyinchiliklarga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayriboshlash 500 million dollarga yetkazilgan va bugungi kunda O‘zbekistonda 200ga yaqin o‘zbek-tojik qo‘shma korxonalari faoliyat yuritib keladi.