Markaziy Osiyo so‘nggi vaqtlarda dunyo hamjamiyati diqqat-e’tiborini jalb qilgan muhim mintaqalardan biriga aylandi. Mavjud qiyinchiliklarga qaramay, mamlakatlar integrallashuv platformalari doirasida faol hamkorlik qilib, hatto pandemiya davrida yomon bo‘lmagan ko‘rsatkichlarni namoyish etmoqdalar.
YeOII qayoqqa yo‘l olmoqda va O‘zbekiston qanday qaror qabul qiladi?
Juma, 21-may kuni, Qozog‘iston raisligida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Sammit videoanjuman rejimida o‘tkazilib, unda ilk bor kuzatuvchi-davlat maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston tomonidan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Mamlakatlar tomonidan yig‘ilish yakuniga ko‘ra 14 ta hujjat qabul qilindi, ular orasida – ittifoqni 2025-yilga qadar rivojlantirishning yangi yo‘l xaritasi ham mavjud.
Andrey Grozin fikriga ko‘ra, bu reja birlashma qaysi yo‘ldan borayotgani borasida yaqqol tushuncha hosil qiladi.
"Aytish joiz, YeOII pandemiya sinovidan o‘tdi va a’zo-davlatlar savdo-sotiq nuqtayi-nazaridan allaqachon pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarga yaqinlashmoqda. Istiqbolda bu plankani oshirish rejalashtirilgan. Boshqa integratsiya birlashmalari fonida ushbu ko‘rsatkichlar unchalik yomonmas. Shoshilinch qarorlar qabul qilishga odatlanmagan Toshkentga keladigan bo‘lsak, u uchun yaqin kelajakda iqtisodiyot va xavfsizlik sektori o‘zini qanday tutishini, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi pandemiyadan qanday o‘tib olishini kuzatish juda muhim. Bu natijalardan kelib chiqqan holda, yakuniy qaror qabul qilinadi, fikrimcha", - deydi Grozin.
YeOIIning kengayishi masalasiga keladigan bo‘lsak, birlashmaga qator davlatlar – jumladan, Hindiston, Indoneziya, Mo‘g‘uliston, Misrni jalb qilish variantlari ko‘rib chiqilmoqda, ular u yoki bu maqomda tashkilot tarkibida 2022-2025 yillarda paydo bo‘lishi mumkin. Hozirda potensial sheriklarning milliy qonunchiligini YeOIIda mavjud talablarga muvofiqlashtirish uchun normativ-huquqiy baza ishlab chiqilmoqda.
MDH – bu sobiq ittifoq Davosi
YeOII mamlakatlari prezidentlari onlayn-uchrashuvidan qariyb bir hafta o‘tib Minskda MDH hukumatlari sammiti bo‘lib o‘tdi, bu gal oflayn-formatda. Uchrashuv rasman shu singari tadbirlarning umumiy qatoridan ko‘pam ajralmagan bo‘lsada, ekspert fikriga ko‘ra, bu zinhor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rolining pasayganidan dalolat emas.
Aksincha, Andrey Grozin MDH avvalgidek, xususan, o‘tkir muammolarni ham hal etishda deyarli yagona maydon bo‘lib qolayotganini aytadi.
"Men 30-yildan buyon MDH institutida faoliyat yuritaman va shuncha yil davomida tashkilot o‘zini o‘zi oqlamay qo‘ygani haqidagi gap-so‘zlarni eshitib kelaman. Haqiqiy holat esa muloqotning ko‘pchilik tomonidan "prezidentlar klubi" deb atalmish ushbu shakli hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini ko‘rsatmoqda. Bu aslini olganda protokol qismi emas, balki kuluarlarda yuz beradigan muzokalari muhim bo‘lgan Davosning analogidir.
Aynan MDH maydonlarida ayni vaqtda o‘zaro mojaroda bo‘lgan davlatlar yetakchilari uchrashib, vaziyatni muhokama qilishlari, inqirozdan chiqish yo‘llarini izlashlari mumkin.
Soddaroq qilib aytganda, YeOII – bu iqtisod haqida, MDH esa – munosabatlar va siyosat borasida", — deya tushuntiradi Andrey Grozin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hamdo‘stlikda Ukraina va Gruziya ishtirokisiz ham format umuman aytganda ishchi bo‘lib qolmoqda.
Misol uchun, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikkiyoqlama ziddiyat kuchaygan vaqtda ham hech biri bu ittifoqni tark etishga intilgan emas.
Ko‘p vektorli O‘zbekiston qayoqqa yo‘l olmoqda
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida yaqinda bo‘lib o‘tgan doira suhbatida ishtirok etgan ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentning so‘nggi o‘ttiz yillik tashqi siyosati pragmatik va yaxshi o‘ylangan siyosatdir. Bundan tashqari, rossiyalik ekspertlar va siyosatshunoslar bunday yondashuvga juda pozitiv qarashadi, va mavjud geosiyosiy, madaniy hamda iqtisodiy reallikda bu respublika uchun ham, qolaversa, mintaqa bo‘yicha sheriklar uchun ham o‘zini oqlashini hamda samaradorliligini tushunishadi.
"Geosiyosiy reallik, iqtisodiy turbulentlik va pandemiya bilan bog‘liq vaziyat – bularning barchasi izsiz kechmaydi va MO mamlakatlari uchun manevrni amalga oshirish uchun imkoniyatlarni cheklaydi. Ammo O‘zbekiston uchun bir kuch markaziga tobelik – farqi yo‘q, u shimoldami, yoki janubda, g‘arbda yoki sharqda – mamlakatning iqtisodiy, investitsiyaviy yoki siyosiy imkoniyatlarini cheklaydi. Shu bois, aminmanki, O‘zbekiston faqatgina rossiyaparast, amerikaparast, xitoyparast yoki turkiyaparast bo‘lolmaydi.
Aks holda, u "kichik sherik"ka aylanadi, ishning bunday tus olishidan esa – na Toshkentda, na Nur-Sultonda va na boshqa bir joyda hech kim manfaatdormas", - deb ta’kidlaydi Grozin.
Shu o‘rinda, YeOIIga integrallashuv misoli namunaga loyiq. Bunga Yevropa qarshilik ko‘rsatadi, degan xavfsirashlar bor edi, deb eslatib o‘tadi ekspert, ammo, bunday holat kuzatilayotgani yo‘q, Toshkent esa o‘zi uchun to‘g‘ri tanlovni amalga oshirish maqsadida vaziyatni sinchkovlik bilan o‘rganmoqda, barcha plyus va minuslarni hisobga olmoqda.
MDH mamlakatlari uchun migratsiya masalasi – iqtisodiyot va barqarorlik
So‘nggi sammitlarning asosiy mavzusi – mehnat bozoridagi munosabatlar va bandlik masalasi bo‘ldi. Pandemiya Markaziy Osiyo davlatlaridagi shundoq ham murakkab vaziyatni ziddiylashtirdi, regionda ish kuchi haddan ziyod ko‘p. Bu ayniqsa, har yili 400-700 ming yoshlar mehnatga layoqatlilar toifasiga kiradigan O‘zbekistonda haddan ziyod kuchli sezilmoqda.
Tojikistondagi tug‘ilish jadalligining yuqoriligi ham ma’lum oqibatlarni keltirib chiqaradi.
"Aynan shu bois, migratsiya mavzusi – jumladan, mehnat migratsiyasi va umuman olganda chegaralarni kesib o‘tish masalasi – prezidentlar va hukumat rahbarlari uchrashuvlarida kunning muhim mavzusiga aylandi. Rossiya migratsiya oqimlarini hisobini yuritadigan yangi elektron tizimni ishlab chiqish tashabbusi haqida allaqachon ma’lum qildi. Ushbu tizim bu sohani mutlaqo boshqa darajaga olib chiqishi va migrantlarning o‘zini turli aldovlar va boshqa salbiy oqibatlardan himoyalashi kerak", - deya tushuntiradi Grozin.
Bundan tashqari, ekspert migratsiya jarayonlarida yana bir foydali elementni ko‘rmoqda: migrantlar yuboradigan pul o‘tkazmalari MO davlatlariga pandemiya, lokdaun va ishlab chiqarish hajmi pasayishining og‘ir oqibatlarini yengilroq yengib o‘tishga yordam beradi.
2020 yilning ikkinchi yarmida mehnat faoliyatining qayta tiklanishi Qirg‘izistonda siyosiy va ijtimoiy kataklizmalardan bo‘lgan turbulentlikni yengillashtirgan edi.
Shu bois, Shavkat Mirziyoyev migratsiya masalalari, mehnat bozorining ochiqligi va YeOII doirasida erkin harakatlanish masalalariga alohida e’tibor qaratgani bejizdan emas.
Respublika uchun ushbu muhim sohada munosabatlarning barqarorlashuvi – kelajakdagi iqtisodiy o‘sish garovidir.
MOda chegara masalasi: O‘zbekiston qay borada ilgarilab ketdi
Markaziy Osiyoda 30-yildan ortiq vaqtdan buyon chegaralar, anklavlar va bahsli hududlar masalasi o‘z yechimini topmay kelayotir. O‘zbekiston qo‘shnilar bilan barcha hududiy masalalarga yechim topishga juda yaqin kelgan, mintaqadagi boshqa davlatlar haqida esa bunday deb bo‘lmaydi.
Andrey Grozinning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent so‘nggi yillarda chegara masalalarini hal qilishda kompromiss yondashuvni namoyon etmoqda, va bunday siyosat o‘z mevasini berapti. Qozog‘iston bilan amalga oshirilgan ijobiy tajriba yaqinda Qirg‘iziston bilan ham hayotga tatbiq etildi.
"O‘zbekiston mintaqani mojarolardan holi qilish siyosatini ilgari surmoqda. Hatto Qirg‘iziston bilan muzokaralarda ham Toshkent Bishkek kutgandan ham ko‘proq yon bosishlarga bordi. Qirg‘iz tomoni esa, nazarimda, "muvaffaqiyatlardan boshi aylanib" O‘zbekiston bilan bunday bitimning barcha afzalliklarini noto‘g‘ri talqin qildi. Ammo ba’zi notekisliklarga qaramay, O‘zbekiston ushbu holatda o‘zining "uy vazifasini" sifatli bajardi – endi koptok sharqiy qo‘shni tomonda", - deya ta’kidladi Andrey Grozin.
Uning fikricha, aynan shunday – to‘rga quruq raqamlar va yer uchastkalar emas, balki xalqaro munosabatlar chiqariladigan yondashuv oxiri yo‘q va qonli mojarolar, qolaversa ayrim MO davlatlari namoyon etayotgan yon bermaslikka nisbatan har tomondan olib qaralganda ham juda yutuqli.
Ammo, ular ham hududiy masala ertami-kech baribir hal etilishini, tanlangan taktika esa – boshi berk ko‘chadan boshqa narsamasligini yaxshi bilishadi, deya ishonch bilan ta’kidlaydi ekspert.
"Ha, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan bo‘lgan vaziyat obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra ancha murakkab. Alohida anklavlarning harbiylashtirilishi xatarini olaylik, bunday voqea O‘zbekiston hududlari tarixida bo‘lgan emas. Ammo Toshkent bu singari mojarolarni hal qilishda boshqalarga namuna bo‘lmoqda", - deya xotima qiladi Grozin.