O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishini tezlashtirmoqchi

Xorijda o‘zbekistonlik migrantlarni huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq muammolar ham ko‘p uchramoqda.
Sputnik
TOShKENT, 27-may — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishini tezlashtirishmoqchi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun 1,7 mln o‘zbekistonlik chet elda, asosan, Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilmoqda. Mamlakat aholisining 55 foizdan ortig‘i yoshlardan iboratligi hamda yiliga mehnat bozoriga 600 mingga yaqin ishchi kuchi kirib kelayotgani mazkur muammoning naqadar muhimligidan dalolat beradi.
Ta’kidlanishicha, ijobiy ishlar bilan birga mehnat migrantlarini huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq muammolar ham ko‘p uchramoqda.
Xabarda ish beruvchining shartnoma shartlarini bajarmaslik, ish haqini kechiktirish yoki to‘lamaslik, mehnat va migratsiya talablariga rioya qilmaslik, soliqdan qochish uchun migrantlarni norasmiy ishlatish holatlari misol tariqasida keltirilgan.
Moskvada yuzlab o‘zbekistonlik maosh kechikayotganidan shikoyat qildi
Shuningdek, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining huquqiy holatiga tegishli va ularning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiy xizmat ko‘rsatish, pensiya va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrlarini belgilash va moliyalashtirish, migrantlarning oila a’zolarini himoya qilish, ma’muriy va jinoiy tartibda ta’qib qilish bilan bog‘liq muammolarning huquqiy asosi belgilanmagan.
O‘zbekistonning mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator xalqaro shartnomalarga qo‘shilish taklifi ilgari surildi.
“Bundan tashqari mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilishni tezlashtirish masalasi aytib o‘tildi. Yakunda qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi”, - deyilgan xabarda.
Pasporti olib qo‘yilgan va ish haqi to‘lanmagan 25 nafar fuqaroga yordam ko‘rsatildi – TIV