TOShKENT, 23-may — Sputnik. Samarqand, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda pora olmagan IIV xodimlari rag‘batlantirildi.
Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, pora tariqasida taklif etilgan 2 ming dollarni olmagan Samarqand IIO Faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi xodimi, kapitan U.Sarimovga 15 mln so‘m miqdorida pul mukofoti berildi. Shuningdek, xodimning ota-onasiga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirilgan. Xodimga porani cho‘ntagidan 2,16 gramm og‘irlikdagi marixuana aniqlangan fuqaro taklif qilgan.
Buxoro IIB matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi xodimi 10 mln so‘m pul mukofoti bilan rag‘batlantirilgan. Chunki u fuqaro taklif qilgan pora 500 dollarni olishdan bosh tortgan va bu haqda belgilangan tartibda xabar bergan.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik A.Utemuratovga pora olishdan bosh tortgani va bu haqda xabar bergani uchun pul mukofoti berilgan. Biroq mukofot tariqasida qancha pul berilgani ochiqlanmagan. Shuningdek, uning yaqin qarindoshiga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirilgan.
Podpolkovnik Utemuratovga fuqaro unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini sudga yubormaslik evaziga 5 ming dollar pora taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 1000 dollar porani olmagan kadastr xodimiga 10 mln so‘m pul va sihatgohga 2 kishilik yo‘llanma berilgan edi.