O‘zbekiston delegatsiyasi Qozonga tashrif buyurdi

Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimlari hamda uy-joy qurilish vazirlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Qozonga tashrif buyurdi.
Sputnik
TOShKENT, 19-may - Sputnik. May oyining 17-18 sanalarida O‘zbekiston delegatsiyasining Qozon shahriga tashrifi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Delegatsiya tarkibida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov va boshqa mutasaddilar bor edi.
Tashrif doirasida mehmonlar Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov hamda Qozon meri Ilsur Metshin bilan uchrashishdi. Uchrashuvlar doirasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamda shaharsozlik sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbekiston inson huquqlari delegatsiyasi Moskva Migratsiya markazida bo‘ldi
Delegatsiya, shuningdek, obodonlashtirish, jamoat transporti tizimi hamda Qozondagi ijtimoiy va infratuzilma obyektlari bilan tanishdi. Xususan, Gorkinsko-Ometyevskiy o‘rmon bog‘ini, Tatariston Respublikasi Milliy kutubxonasini, "Oq gullar" bulvarini, "Uram" ekstremal bog‘ini, "Art Citi" uy-joy majmuasini, Nijniy Kaban ko‘lini Tataristonning ta’lim, sport va boshqa obyektlarni ko‘zdan kechirishdi.
Undan tashqari O‘zbekiston vakillari Qozon shahridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga ixtisoslashtirilgan “ETERNITY” Ay-Ti maktabi faoliyati, u yerdagi o‘qitish tizimi bilan yaqindan tanishdi. Ushbu maktab raqamli iqtisodiyot uchun salohiyatli kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan. Toshkent viloyatida ham ana shunday maktablar ochish imkoniyati muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya vakillari Qozon Federal Universiteti rahbariyati bilan uchrashishdi. Muloqot chog‘ida ijtimoiy fanlar, iqtisodiyot va boshqa yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtini Toshkent viloyatida ochish, o‘quv jarayonlariga Tataristonlik professor-o‘qituvchilarni jalb qilish haqida kelishildi.