TOShKENT, 12-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, davlat rahbarlari Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlagan va ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilgan.
Davlat rahbarlari Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanini qayd etdi. Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, transport, turizm, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning borishi ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi munosabati bilan chuqur xavotirda ekanligini bildirdi.
“Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq normalariga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal etilishi lozimligi qayd etildi”, - deyilgan xabarda.
Bundan tashqari, ikki mamlakat rahbarlari Turkiy kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni muhokama qildi.