Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari 2 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi

U tadbirkorga qurilish-ta’mirlash bo‘yicha o‘tkaziladigan terder savdolarini olib berishni va’da qilgan. Evaziga esa 2 ming dollar talab qilgan.
Sputnik
TOShKENT, 12-may — Sputnik. Jizzax shahar hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – shahar iqtisodiy taraqqiyot v kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda “Yangi davr” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.
U tadbirkorga shahardagi ijtimoiy soha obyektlarida amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tender savdolarini olib berishni va’da qilgan. Evaziga esa 2 ming dollar talab qilgan.
Hokim birinchi o‘rinbosari kechki payt Jizzax shahri Jizzaxlik mahallasi hududida porani o‘zi boshqaruvidagi “Gentra” mashinasining orqa yuk xonasiga qo‘ygan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan JKning 210-moddasi 2-qismi "v" bandi (Pora olish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Guliston hokimi o‘rinbosari pora olayotgan paytda ushlangani xabar qilingandi.