TOShKENT, 11-may — Sputnik. Davlat soliq qo‘mitasi birlashgan kasaba uyushmasi vakillari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘rtasidagi masala sudgacha olib borilmasdan, to‘xtatishga qaror qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, tomonlar uchrashgan va muzokaralar davomida yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilishgan.
“Har ikki tomonning ham maqsadi va maslagi birligi, ya’ni mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligi yo‘lida xizmat qilish ekanligi ta’kidlandi. Masalani sudgacha olib bormasdan, to‘xtatishga qaror qilindi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Davlat soliq qo‘mitasi Rasul Kusherbayevning Human.uz axborot portalidagi “So‘z blogerlarga” ko‘rsatuvida aytgan gaplarini haqoratomuz deb hisoblab, uni sudga bergan edi. Da’vo arizasida deputatning hatti-harakatlari soliq organlariga 4,6 mlrd so‘m zarar yetkazganligi ko‘rsatilgan edi.