TOShKENT, 8-may - Sputnik. O‘zbekiston Hindiston va Turkiyaga aviaqatnovlar uchun vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu cheklovlar "tegishli tashlikotlar taklifini inobatga olgan holda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishini jilovlash, unga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish hamda ushbu infeksiyaning yangi shtammlarini mamlakatga kirib kelishini oldini olish maqsadida" qabul qilingan.
Shu tariqa, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan kasallanish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan ayrim davlatlar bilan o‘zaro aviaqatnovlarga quyidagi vaqtinchalik cheklovlar joriy qilingan.
Jumladan, Istanbul shahridan Farg‘ona, Urganch va Samarqand shaharlariga aviaqatnovlarni 2021-yil 5-maydan 1-iyunga qadar to‘xtatish;
Hindiston va Turkiyaga sayyohlar uchun mo‘ljallangan barcha charter qatnovlarni joriy yil 10-maydan boshlab epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar to‘xtatish;
Toshkent-Istanbul yo‘nalishida aviaqatnovlarni vaziyatdan kelib chiqib, joriy yil 10-maydan boshlab paritet asosida (talabdan kelib chiqib) kamaytirishga qaror qilindi.
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, Hindiston va Turkiyadan uchib kelayotgan har bir shaxs tomonidan mamlakatimizga kirib kelganidan so‘ng karantinda bo‘lishlari yuzasidan ogohlantirilganligi yuzasidan tilxat to‘ldiriladi.
Bunda aeroportdan boradigan yashash manzili, telefon raqami va karantin talablarini buzganda qonunchilik hujjatlarida javobgarlik belgilanganligi to‘g‘risida ogohlantiriladi.
Shuningdek, kasallik kirib kelishi qamrovini aniq baholash maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati taklifiga muvofiq, Hindiston yoki Turkiyadan O‘zbekistonga kirib kelayotgan barcha shaxslardan koronavirus infeksiyasiga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan PZR tekshiruvini o‘tkazish tizimi sinov tariqasida joriy etiladi.
Ulardan koronavirus infeksiyasiga PZR test namunasi aeroport kutib olish zalida olinadi va belgilangan tartibda uy yoki mehmonxonada 14 kun davomida karantinda bo‘lish uchun jo‘natiladi.
PZR test tahlili 18 soat ichida musbat chiqqan taqdirda belgilangan tartibda davolash ishlarini tashkillashtiradi;
PZR test tahlili natijasi manfiy chiqqan taqdirda shaxs 14 kunlik karantinda bo‘lishi davom ettiriladi. O‘zbekistonga havo yo‘llari orqali tashrif buyurayotgan shaxslar so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma’lumotnomani taqdim etish talabi saqlanib qoladi.