Gulistonda hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi

Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati Guliston tumani hokimining o‘rinbosarini qo‘lga oldi.
Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, fuqaro M. ariza bilan huquqni muhofa qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Chorvanasl” markazi yetakchi mutaxassisi M.X. unga kam ta’minlangan oilalar uchun “Yulduz” massivida qurilayotgan ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylardan xonadon oluvchilar ro‘yxatiga kiritishni va’da qilgan. Bu ishni tuman hokimi o‘rinbosari orqali hal qilishini aytgan va evaziga 400 dollar so‘ragan. Mutaxassis fuqarodan bu pullarni olayotgan vaqtda ushlangan.
Prokuraturaga ishga joylashtirish uchun pora talab qilgan “hojatbarorlar” qo‘lga olindi
Shundan so‘ng M.X.ning ko‘rsatmalariga asosan tezkor tadbir davom ettirilgan. Unda Guliston tuman hokimi o‘rinbosari B.S. yuqoridagi masalada fuqaro M.ga yordam berish evaziga 400 dollarni mutaxassisdan olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.