Xonanda Jasur Umirov ustidan jinoiy ish ochishni rad etgan tergovchiga chora ko‘rildi

Unga nisbatan viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Sputnik
TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Xonanda Jasur Umirovga nisbatan nomusga tegish ishi yuzasidan dastlab jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etgan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB Tergov bo‘limi tergovchisining harakatiga baho berildi. Bu haqda Samarqand viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.
Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan. Unda tergovchi dalillarni soxtalashtirmagani, tergov ishtirokchilarining ko‘rsatmalarini o‘zlarining so‘zlaridan yozib olgani aniqlangan. Shu bois unga nisbatan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Jasur Umirovga qarshi jinoiy ish ochishni rad etgan tergovchining harakatlari o‘rganilmoqda
Biroq u ish yuzasidan qonuniy qaror qabul qilish uchun dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sabab unga nisbatan viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Shuningdek, mazkur holatda idoraviy nazoratni yetarli darajada ta’minlamagan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TB boshlig‘iga hayfsan, tuman IIB boshlig‘iga tanbeh intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Viloyat IIB TB boshlig‘ining o‘rinbosari esa lavozimdan ozod qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Jasur Umirov Jinoyat kodeksining nomusga tegish moddasi bilan aybdor deb topilgan va 5 yilga qamalgan.