TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Niderlandiyaning “Stone City Energy” kompaniyasi Surxondaryo viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasini (IES) quradi. Bo‘lajak stansiyasidan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim 19-aprel kuni imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
IESning quvvati 1 560 MVt bo‘ladi va loyihaning umumiy qiymati 1,2 milliard dollarni tashkil etadi. Loyihaning ishga tushish muddati 2024-yil yakuni.
“Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish natijasida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 milliard kub metr tabiiy gaz sarfiga ega bo‘lib, 1,1 milliard kub metr gazni tejaydi. Uning foydali ish koeffitsiyenti 63 foizni tashkil etadi”, - deyilgan xabarda.
Loyiha doirasida eng yangi texnologiyalar, shu jumladan HL sinfidagi zamonaviy “Siemens Energy” ishlab chiqargan bug‘-gaz qurilmalari tatbiq etiladi.
Stansiya qurilishi davomida 2 000 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi va IES ishga tushirilgach, 150 nafarga yaqin mutaxassis doimiy ish bilan ta’minlanadi.
2020 yilning dekabr oyidan boshlab o‘tkazilgan tadqiqotlar natijada Surxondaryo viloyatining Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi uchun 150 gektar yer maydoni ajratildi.
Hujjatlarga ko‘ra, investor ushbu issiqlik elektr stansiyasini loyihalashtiradi, moliyalashtiradi, quradi, ishga tushiradi, 25-yil davomida foydalanadi va boshqaradi.