TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Jizzax viloyati Baxmal tumanida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ijtimoiy tarmoqlar orqali haqoratlagan shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, 52 yoshli fuqaro V.K. YouTube va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida “V.K.” (nomi qisqartirilgan) profil ochgan. Bu profillari orqali turli mavzularda internet tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishlar qilgan.
Erkak o‘z chiqishlarida prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka noto‘g‘ri talqin qilib, mamlakat prezidentini internet tarmoqlari orqali haqoratlagan. Keyin prezidentning obro‘siga putur yetkazuvchi va kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatgan.
Hozir unga nisbatan Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston prezidentini internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda prezidentni internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangani xabar qilingan edi. Bu jinoyat uchun 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5-yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.