Namanganda kanaldan maktab o‘quvchisining jasadi topildi: u qotillik qurboni bo‘lishi mumkin

Namangan shahrida voyaga yetmagan qizning o‘limida uning kelinoyisi gumon qilinmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Namangan viloyatida kanaldan bedarak yo‘qolgan voyaga yetmagan qizning jasadi topildi.
Namangan viloyati prokuraturasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 5-aprel kuni fuqaro S.M. tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda Chortoq tumanida uning onasi qaramog‘ida bo‘lgan qizi M.A. maktabga ketib, bedarak yo‘qolganligini bildirgan.
Tuman prokuraturasi marhuma o‘quvchi qizning yashash xonadonini ko‘zdan kechirgan va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan.
U qotillik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinib, JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi ochilgan.
Qashqadaryoda zovurdan bir fuqaroning jasadi topildi
Tezkor-qidiruv natijasida 6-aprel kuni voyaga yetmagan M.A.ning jasadi tashqi tan jarohatlarsiz Katta Namangan kanali ustidan o‘tgan ko‘prik ostidan topilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uni 5-aprel kuni soat 10:30 da yigirma ikki yoshli kelinoyisi F.Q. maktabdan olib chiqib ketgan. Keyin o‘sha kanalga olib borib, suvga itarib yuborgan.
F.Q. hozirda ushlangan va jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.