G‘alabani “o‘g‘irlashdi”: Portugaliya va Serbiya o‘yini katta janjal bilan yakunlandi

JCh-2022 saralash bahslari doirasida Portugaliya va Serbiya terma jamoalari o‘rtasida kechgan o‘yin mojaro bilan yakun topdi.
Sputnik
TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Futbol bo‘yicha 2022-yilgi Jahon Chempionati saralash bahslari doirasida Portugaliya va Serbiya terma jamoalari o‘rtasida kechgan o‘yin mojaro bilan yakun topdi.
Portugaliya Serbiya poytaxti Belgraddagi maydonda mehmon bo‘ldi. Birinchi bo‘limda Diogu Jota o‘zining dubli bilan Portugaliyani oldinga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq serblar ikkinchi bo‘limda Aleksandar Mitrovich va Filip Kostichning gollari evaziga hisobni tenglashtirishdi.
Uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtda Krishtianu Ronaldu jarima maydonchasi tashqarisidan raqib darvozasiga zarba yo‘lladi. Uning zarbasidan keyin to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tdi va shundan keyin himoyachi uni chiqarib yubordi. Hakamlar darvoza chizig‘idan o‘tgan to‘pni hisoblashmadi. Yon hakam bilan janjallashgan portugallar sardori Ronalduga sariq kartochka ko‘rsatildi. O‘yindan so‘ng Ronaldu sardorlik bog‘ichini namoyishkorona uloqtirgan holda maydonni tark etdi.
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Fernandu Santush bosh hakam bu holatni qayta ko‘rib chiqqani va yo‘l qo‘ygan xatosi uchun uzr so‘raganini ma’lum qildi. Jahon chempionatining saralash bahslarida VAR qo‘llanilmayotgani unga pand bergan.
“Portugaliya milliy terma jamoasining sardori bo‘lish men uchun hayotimdagi eng katta iftixor va imtiyozdir. Men o‘z mamlakatim uchun borimni beraman va bu munosabatim hech qachon o‘zgarmaydi. Lekin murakkab vaziyatlar ham bo‘ladi. Ayniqsa, butun bir millat zarar ko‘rganida chidab bo‘lmaydi. Endi boshingizni ko‘taring va hozirdanoq yangi chaqiruvlarga tayyor turing. Olg‘a, Portugaliya!, - dedi yozgan o‘yindan so‘ng o‘z instagramida Krishtianu Ronaldu.