TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Buxoroda 17 nafar fuqaroga soxta aviachiptalar tayyorlab bergan firibgarlar ustidan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, S.S. va S.R. 17 nafar fuqaroni aldab, Rossiya hududiga kirishga ruxsat etuvchi hujjatlarni tanishlari orqali olib berishga ishontirgan. Har biridan 1 300 dollar olib, “Buxoro-Moskva” (Jukovskiy aeroporti) charter aviareysiga soxta chiptalarni tayyorlab bergan. Shu tariqa ular 22 100 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda firibgarlikda gumon qilinayotgan ushbu shaxslar qo‘lga olingan.
Mazkur holat Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28, 211-moddasi (pora berish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.