TOShKENT, 19 mar - Sputnik. O‘zbekiston Energetika vazirligi tomonidan 17-18 mart kunlari Qoraqalpog‘istondagi "Taxiatosh" issiqlik elektr stansiyasiga ikki kunlik press tur tashkil etildi va unda mahalliy va xorijiy jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Press turning birinchi kuni “Elektr energetika sohasini OAVda yoritishning samarali mexanizmlari” mavzusidagi seminar-trening bilan boshlandi.
Trening davomida "Taxiatosh" issiqlik elektr stansiyasida 230-280 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmalarini qurish" investitsion loyihasining amalga oshirilish bosqichlari, elektr energiya ishlab chiqarish jarayoni, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlariga sifatli va uzluksiz elektr va issiqlik energiyasi yetkazib berish tizimi, sohani OAVda yoritish prinsiplari yuzasidan fikr va mulohazalar almashildi.
Issiqlik elektr stansiyasida qurilish ishlari zamonaviy ilg‘or texnologiyalar asosida Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering va Hyundai Engineering & Construction kompaniyalari konsorsiumi tomonidan amalga oshirilgan.
Bugungi kunda bosh pudratchi tomonidan qurilish-montaj ishlari 100 foizga bajarilgan. O‘rnatilgan GT (gaz turbinasi) va BT (bug‘ turbinasi) asosiy uskunalari Amerikaning GE kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.
"Taxiatosh" IES rahbari Faxriddin Xalillayev ushbu loyihaning asosiy maqsadi haqida gapirar ekan, "Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati iste’molchilarini uzluksiz va sifatli elektr energiya bilan ta’minlash, elektr va issiqlik energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish, yoqilg‘i resurslarini tejash hamda ulardan samarali foydalanishdan iborat", deya ta’kidladi.
Uning aytishicha, agar ilgari 1 kVt/soat elektroenergiyani ishlab chiqish uchun 430 gr gaz sarflangan bo‘lsa, ayni vaqtda yangi texnologiyalar tufayli sarflanayotgan gaz miqdori 250 gr.ni tashkil etmoqda (gazning qariyb 40 %i tejab qolinmoqda).
Ta’kidlash joizki, yangi joriy etilayotgan ikkita bug‘-gaz qurilmasining ishga tushishi bilan stansiyaning texnik-iqtisodiy ko‘rsatgichlari quyidagicha bo‘ladi:
- stansiyaning o‘rnatilgan quvvati 730 MVt dan 1000 MVt gacha oshadi;
- yillik ishlab chiqariladigan elektr energiya miqdori 3,0 mlrd. kVt.soatdan 3,6 mlrd. kVt. soatgacha oshadi;
- 1 kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan shartli yoqilg‘i miqdori 170,36gr/kVt.soatga kamayadi, bu bilan bir yilda 488,6 mln. m3 tabiiy gaz tejalishiga erishiladi;
- yillik suv sarfi 293 mln. m3ga kamayadi va yiliga 159 mln. m3ni tashkil qiladi;
- azot oksidi chiqindisi 3,5 barobar kamayadi;
- atmosferaga chiqadigan yalpi chiqindilar 5,1 barobar, yiliga 3056,674 tonnaga kamayadi;
- IES chiqindilari bilan atmosferani ifloslantirish darajasi 3,2 barobar kamayadi;
- asosiy parnik gazi - SO2 chiqindilari yiliga 972216,22 tonnaga qisqaradi;
- parrakli gradirnyada sovutiladigan texnik suv ta’minotining aylanma tizimini qo‘llash hisobiga Suuyenli kanaliga tashlanadigan termal suvlari qisqaradi.
- qo‘shimcha yangi ish joylari tashkil etilib, 100 ta ishchi va xizmatchilar ish bilan ta’minlanadi.
Loyihaning umumiy qiymati 678,2 million AQSh dollari bo‘lib, shundan 300 million AQSh dollari Osiyo taraqqiyot bankining investitsiya mablag‘lari, 230,7 million AQSh dollari O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari, 27,3 million AQSh dollar "O‘zbekenergo" mablag‘lari va 120,2 million AQSh dollari O‘zbekiston Respublikasining loyihani qo‘llab-quvvatlashdagi ulushi hisoblanadi.
Xalillayev jurnalistlar bilan muloqotda elektr energiyasini ishlab chiqarish mashaqqatlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
"Qanday jarayonlarda ishlab chiqariladi... Bu osonmas. Qirq besh daraja sovuqda ham, jazirama issiqda ham xodimlarimiz tinim bilmay mehnat qilishadi. Juda katta mablag‘ sarf qilinadi elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun, bu mablag‘lar xorijdan qarz sifatida olingan. Shu bois, biz elektr energiyasining qadriga yetishimiz kerak", - deb xulosa qildi "Taxiatosh" issiqlik elektr stansiyasi rahbari.