Sport vazirligi “So‘g‘diyona” - “Turon” uchrashuviga munosabat bildirdi

Ravshan Ermatov hakamning bilib yoki bilmasdan yo‘l qo‘ygan xatosi tufayli butun jamoaning mehnati yo‘qqa chiqarilishini keskin qoralashini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘lgan “So‘g‘diyona” – “Turon” uchrashuviga munosabat bildirdi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ushbu uchrashuvdan keyin “Turon” klubi bosh murabbiyi Islom Ismoilovning ehtirosga berilib bildirgan fikrlarini yaxshi tushunishini bildirgan.
Futbol – bu jamoaviy o‘yin, unda bir maqsad yo‘lida butun jamoa harakat qiladi, futbolchilardan tortib shifokoru massajchi, klubning texnik xodimigacha. Albatta, hakamning bilib yoki bilmasdan yo‘l qo‘ygan xatosi tufayli butun jamoaning mehnati yo‘qqa chiqarilishini keskin qoralayman.
Ravshan Ermatov
Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hakamlar masalasiga har qachongidan jiddiy e’tibor qaratgan holda o‘yinlardagi hakamlik sifatini oshirish hamda adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda Maqsad – o‘zbek futbolining mavqeyini ko‘tarish, bolalar futbolini tizimli rivojlantirish va muxlislar orziqib kutayotgan jahon chempionatiga chiqish orzusini ruyobga chiqarish.
“Kezi kelganda shuni ham ta’kidlash kerak, futbol uchrashuvlaridagi har bir rasmiy shaxs o‘z fikrini ommaga bayon etayotganida ma’lum qoidalarga ham amal qilmog‘i lozim. Zero, ehtiros tufayli aytilgan har bir gap ertaga o‘sha shaxsning o‘ziga qarshi ishlashi mumkin”, - deya xulosa qilgan Ermatov.
“So‘g‘diyona”-“Turon” uchrashuvi bosh hakami nomuayan muddatga hakamlikdan chetlatildi
Avvalroq O‘FA Hakamlik qo‘mitasi O‘zbekiston Superligasining 2-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – “Turon” uchrashuvini boshqarib borgan bosh hakam Viktor Serazitdinovni nomuayan muddatga hakamlikdan chetlatgan edi. U “So‘g‘diyona” darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgilamaganligi va boshqa ko‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygani aniqlangan.
O‘yindan so‘ng “Turon” futbol klubi bosh murabbiyi Islom Ismoilov hakamlarni qattiq tanqid qilgan edi.