TOShKENT, 13 mar - Sputnik. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Andijon shahrida gaz va havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lganligi haqida xabar berdi.
Bosh prokuratura tomonidan aniqlanishicha, kecha, 12-mart kuni Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylarning biridagi xonadonda gaz va havo aralashmasi chaqnashi natijasida yong‘in kelib chiqqan.
Oqibatda, ayol va voyaga yetmagan qiz tana kuyishi hamda qo‘shni xonadonda yashovchi voyaga yetmagan bola chaqnash to‘lqinidan yiqilib, ko‘krak qismidan tan-jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Jabrlanganlarning olgan tan-jarohatlari og‘irlik darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Mutaxassislar tomonidan chaqnash sabablari, shuningdek keltirilgan zararlarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.