Mirziyoyev Chavusho‘g‘li boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Sputnik
TOShKENT, 9 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li boshchil delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari oliy darajadagi muntazam muloqotlar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va uni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Kamilov va Chavushog‘lu xalqaro va mintaqaviy muammolarni muhokama qildi
Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li samimiy qabul uchun O‘zbekiston prezidentiga minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Suhbat chog‘ida o‘tgan yil fevral oyida Anqara shahrida o‘tgan Strategik hamkorlik kengashining davlat rahbarlari darajasidagi birinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda navbatdagi sammitni mamlakatda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy sohada hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Faol hududlararo muloqotni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim va madaniy-gumanitar dasturlarni ilgari surishdan ikkala mamlakat ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Xalqaro siyosat va mintaqaviy sheriklik, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.