TOShKENT, 28 fev — Sputnik. 2021-yilning 1-2 mart kunlari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Rossiyaga amaliy tashrif bilan boradi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, muzokaralar chog‘ida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilinadi.
Shuningdek, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Tomonlar joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy va yuqori darajadagi qo‘shma tadbirlar jadvalini ham ko‘rib chiqadilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekiston TIV rahbari Rossiyaga kelishi va rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashishini ma’lum qilgan edi.