Endi zargarlik buyumlarini elektron tijorat orqali sotish mumkin

“Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan zargarlik buyumlarini elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 24 fev — Sputnik. “Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Salkam yarim kilo zargarlik buyumlarini O‘zbekistonga olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-martgacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida yoki kechiktirib to‘lash sharti bilan sotish tartibi joriy qilinadi.
Shunga ko‘ra:
- “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallar keyinchalik xom ashyo ko‘rinishida qayta sotish huquqisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida yoki tovar-xom ashyo birjasi orqali narxning 15 foizlik avans to‘lovini amalga oshirgan holda 180 kunga kechiktirib to‘lash sharti bilan sotiladi;
- buning uchun “O‘zmilliybank” AJ bank kafolatini shartnoma summasining 85 foizigacha (85 foizi ham kiradi) miqdorda yillik 2 foizgacha komissiya undirgan holda taqdim etadi;
- marvarid, olmos va qimmatbaho toshlarga import bojxona bojlari solinmaydi.
Oyoq kiyimga yashirilgan zargarlik buyumlari fosh etildi
2021 yil 1-apreldan boshlab:
- zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi;
- affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga o‘zlari ishlab chiqargan o‘lchovli yombilarni sotishga ruxsat beriladi;
- qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi;
- naqd pulda o‘zaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi BHMning 600 baravaridan oshmagan taqdirda mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish talab etilmaydi.
- Shuningdek, “O‘zmilliybank” AJga keyinchalik mikrokreditlar ajratish uchun 30 mln AQSh dollari ekvivalentida 7-yil muddatga, 3-yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga past foiz stavkasida mablag‘ yo‘naltiriladi.