TOShKENT, 16 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Janubiy Koreya kosmosni tinchlik maqsadlarida tadqiq qilish va undan foydalanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi vakillari Janubiy Koreya Aerokosmik tadqiqotlar instituti (KARI) va “SI Imaging Services” kompaniyasi vakillari bilan uchrashgan.
Muloqotda koronavirus pandemiyasi davom etayotganiga qaramasdan, tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etildi. Jumladan, Koreya Respublikasi Fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi, Janubiy Koreya Aerokosmik tadqiqotlar instituti, shuningdek, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekkosmos” agentligi mutaxassislari o‘rtasida bir necha bosqichda muzokaralar o‘tkazilgan.
Ta’kidlanishicha, yaiin kunlarda qo‘shma ishchi guruh mutaxassislari o‘rtasida videokonferensiya o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va O‘zbekiston kosmosda hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning matnini tasdiqlagani xabar qilingan edi.