TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Surxondaryo viloyatida oilali ayolni video bilan shantaj qilgan erkak qo‘lga olindi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 4-fevral kuni 40 yoshli Nodira B. IIBga ariza bilan murojaat qilib, 31 yoshli Bahrom U.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Erkak ayolning video tasvirini internetdagi ijtimoiy tarmoqlariga tarqatish va uning Rossiyada ishlab yurgan turmush o‘rtog‘iga yuborish bilan qo‘rqitgan. Videoni o‘chirish tashlash uchun 500 dollar talab qilgan.
Erkak jabrlanuvchidan 5,2 million so‘mni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Denov tumani IIO FMB Bahrom U.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Dastlabki tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida bir qizni telefon suhbatlari bilan qarindoshlari o‘rtasida sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, tovlamachilikka qo‘l urgan yigit ushlangan edi.