TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Buxoroda 4-sentabr kuni shaxsiy suratlarini tarqatib yubormaslik, qarindoshlariga ko‘rsatmaslik evaziga sobiq sevgilisidan ming dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, 1986-yilda G‘ijduvonda tug‘ilgan O‘.K. 2018-yil noyabr oyida R.A. ismli qiz bilan tanishib, yaqin ishqiy munosabatda bo‘lgan. Ular 2020-yil avgust oyida tortishib qolgach, yigit qizdan tovlamachilik yo‘li bilan pul ishlab olmoqchi bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, O‘.K. qizni fotosuratlarini internetga tarqatish, qarindoshlariga ko‘rsatish bilan qo‘rqitib, undan ming dollar talab qilgan.
Bundan qo‘rqqan jabrlanuvchi holat yuzasidan huquq targ‘ibot idoralariga murojaat qilgan. Buxoro shahrida O‘.K. 4-sentabrda R.A.dan 500 dollar pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan (Tovlamachilik) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.