TOShKENT, 10 fev — Sputnik. 2021-yil 1-martdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun turistik (mehmonxona) yig‘im undiriladi. Bu prezident imzolagan “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda ko‘zda tutilgan.
Yig‘im miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Bunda yig‘imdan tushgan mablag‘lar ichki turizmni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish, turizm mavsumi past bo‘lgan davrda joylashtirish vositalarining bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartibga ko‘ra, turistik (mehmonxona) yig‘imi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalardan tashqari, O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan undiriladi.
Mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalaridan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘imning tabaqalashtirilgan miqdorlari BHMning 2–15 foiz atrofida belgilangan.