TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Toshkentda “Chilonzor buyum savdo kompleksi” AJda qurilishi rejalashtirilgan do‘konni 25 ming dollarga auksion orqali olib bermoqchi bo‘lgan bozor mas’uli va uning sherigi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Sputnik nashriga ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, bu yerda do‘kon sotuvchisi bo‘lib ishlovchi N.R. fuqaro D.B.ga mazkur savdo kompleksi hududidagi savdo do‘konlaridan birini olib berish masalasini bozor muhandisi A.S. orqali hal qilib berishini aytgan. Buning uchun 25 ming dollar so‘ragan.
N.R. so‘ralgan mablag‘dan 9,4 ming dollarni olib, keyinroq qolgan 15,6 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Undan keyin savdo kompleksi bosh muhandisi A.S. do‘kon sotuvchisidan 10 ming dollarni porani olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan A.S. va N.R.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.