TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatga tashrif buyurgan Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarining hozirgi holati va ularni yanada rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Atmar O‘zbekiston tomonining Afg‘oniston iqtisodiy infratuzilmasini tiklashdagi ishtirokini yuqori baholadi. Transport, aloqa, energetika va boshqa infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Tomonlar Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlikni o‘rnatish uchun afg‘onlararo siyosiy muzokaralarning muqobili yo‘qligini ta’kidladilar”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston tomoni Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasi o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagan.
Kamilov va Atmar bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasini muhokama qildi va kelishib oldi.