Hozir Rossiyaga ishga ketish tartibi qanday - Migratsiya agentligi javobi

Chet elga ishga borayotgan fuqarolarimiz til o‘rganib, hunar o‘rganib borsa - o‘ziga ham yaxshi bo‘ladi, yaxshiroq ishda ishlaydi, boshini baland ko‘tarib yuradi. 
Sputnik
TOShKENT, 28 yanv - Sputnik. Hozir Rossiyaga ishga ketish uchuni nima qilish kerak, xorijga ishga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarga nima maslahat berish mumkin.
Rossiyaga 2020-yilda qancha migrant kirib borganligi ma’lum bo‘ldi
Sputnik muxbirining ushbu va boshqa savollariga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i Umid Normurodov  javob berdi.    
- Hozirgi pandemiya sharoitida Rossiyaga ishga ketish tartibi qanday?
Hozir bizda shunday tartib mavjud: dastlab rossiyalik ish beruvchi O‘zbekistonda ishchilarni tanlab oladi. Keyin ular o‘zlarining maxsus komissiyasiga ishchilar ro‘yxatini taqdim etadi. Maxsus komissiya buni ko‘rib chiqadi va ularning Rossiyaga kirishiga ruxsat beradi. Ya’ni, kompaniya ishchilarni tanlab olgandan keyin ham, sizni aniq Rossiyaga olib ketishiga kafolat yo‘q. 
"Rossiya kompaniyalariga oldindan kvota berilganda juda yaxshi bo‘lardi. Misol uchun biror bir kompaniya O‘zbekistonda 1000 kishini yollamoqchi bo‘lsa, ularga shuncha kvota berilsa va ular kerakli ishchilarni tanlab olinsa - yengilroq bo‘lardi. Bir bosqichdan qutilardik, - deydi Umid Normurodov. - Hozir ro‘yxat bo‘yicha ruxsat olishga harakat qilyapti, ro‘yxatdagi fuqarolar kutib turishga majbur. 
Tahririyat izohi: Rossiyada 2021-yilda har bir hududga taklif qilinayotgan xorijiy ishchilar soni maxsus komissiya tomonidan belgilanadi. Komissiya qaror qabul qilishda huddagi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatni, ishsizlik darajasini, demografik ko‘rsatgichlar va boshqa omillarni hisobga oladi. Ushbu tartib Hukumatining 2020-yil 29-dekabrda qabul qilingan 2345-sonli qarorida belgilangan. 
- Hozirgi kunda Rossiya kompaniyalari bilan qanday hamkorlik qilinmoqda?
- Shu kunlarda faol muzokaralar olib borayotgan kompaniyalarimizdan biri Saratovdagi "Atlant" kompaniyasi. U 30 dan ziyod kompaniyalarni vakili sifatida chiqapti va bizga 25-30 korxonaga ishchi yollab berishda vositachilik qilmoqchi. Ularga mingdan ziyod ishchilar kerak. Bu faqat qurilish yo‘nalishi emas: qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish. Shu yo‘nalishlarga jalb qilmoqchimiz.
Mehnat migrantlarini olib kelish bo‘yicha arizalar onlayn qabul qilinadi
Undan tashqari, Moskvada hamkorlarimiz bor va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tasdiqlangan tanlov 29-yanvardan 3-fevralgacha bo‘ladi Samarqandda. "TexStroy" va "PIK-Industriya" ular qurilish ishlariga ishchilarni saralab olishadi.
Samarqand viloyatiga kelsak, 2021-yilda oxirigicha umuman xorijga ishlashga 11 ming 500 nafar mehnat migrantlarini tashkillashtirilgan holda yuborish rejalashtirilgan va bu qaror bilan tasdiqlangan. Ularning aksariyati - 7000 kishini Rossiyaga jo‘natish kutilmoqda.
Undan tashqari Yaponiya bilan ham ishchilar yuborish to‘g‘risida muzokaralar olib borilmoqda. Hozircha pandemiya tufayli ularning chegarasi yopiq, lekin biz ishchilarga til o‘rgatish masalalarini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. 
- Chem elga mustaqil ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz? 
Migrantlar qachon COVID-19’ga qarshi emlanadi?
Dunyoning istalgan mamlakatiga borib ishlash har bir O‘zbekiston fuqarosining huquqi. Hech kim bunga qarshilik qila olmaydi. Lekin pandemiya tufayli ko‘p davlatlarning chegaralari hozircha yopiq. Lekin shunday bo‘lsada, chet elga ketish uchun turli noqonuniy yoki yarim qonuniy uslublarni taklif qilayotganlar ko‘p.
Masalan, davolanish kerakligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma bilan Rossiyaga borib ishlash taklifi. To‘g‘ri, bunda fuqaro chegaradan o‘tib borishi mumkin, lekin ishlash uchun hujatlar rasmiylashtirishda muammolarga duch keladi. Chunki migratsion kartada kelishdan maqsad - davolanish deb ko‘rsatilgan bo‘ladi. 
Shuning uchun fuqarolarimizga maslahat: til o‘rganib, hunar o‘rganib borsa - o‘ziga ham yaxshi bo‘ladi. Yaxshiroq ishda ishlaydi, boshini baland ko‘tarib yuradi, - deydi Normurodov. 
Umuman, Rossiya Federatsiyasiga kirish qanchalik oson bo‘lsa - bizning fuqarolarimizga shuncha yaxshi bo‘ladi. Pandemiya cheklovlari tezroq bekor qilinishi kutamiz.